O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh shifokorlar mukofotlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmon bilan koronavirus pandemiyasini bartaraf etishga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yo‘lidagi ulkan jasorati va fidoyiligi uchun bir guruh shifokorlar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
“O‘zining matonati, bilim va salohiyati, professional mahoratini namoyon etib, aholi salomatligini muhofaza qilish, bemorlar hayotini asrash, ularga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi alohida xizmatlari, shuningdek, o‘z burchi va qasamyodiga sodiq qolib, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yo‘lidagi ulkan jasorati va fidoyiligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlansin”, — deyiladi farmonda.
Prezident farmoni bilan
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan 5 nafar;
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan 12 nafar;
I darajali “Salomatlik” ordeni bilan 20 nafar;
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan 50 nafar;
“Jasorat” medali bilan 6 nafar;
“Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan 58 nafar;
“Sog‘lom turmush” medali bilan 41 nafar;
“Shuhrat” medali bilan 66 nafar tibbiyot xodimi mukofotlandi.
Avvalroq Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bir guruh Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolangani ma’lum qilingandi.