O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar orden va medallar bilan taqdirlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-iyul, payshanba kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda Prezident bir guruh Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qilgan.

“Shu o‘rinda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladim”.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgan edi.

Keyinchalik koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 397 ta tez yordam mashinasi xarid qilingani yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda nafaqadagi vrach va hamshiralarning qanchasi bemorlarni davolash uchun jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.

Янгиликлар