Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalingan erkak vafot etdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida yashagan 49 yoshli erkak 25-iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 49 yoshli Y.Q. 15—19-iyul kunlari Respublika ichki ishlar vazirligi gospitalida davolangan. Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Nukus shahrida yashagan 37 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 25-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 19 653 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 472 kishi sog‘aygan, 9074 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар