Andijonda 57 kishi koronavirus yuqtirib oldi
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 21-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 17 590 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Yangi kasallanish holatlarining 57 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Oy boshida Andijonda kasallanganlar soni 209 nafarni tashkil etgandi. So‘nggi 21 kun ichida viloyatda 530 kishida kasallik aniqlandi.
Qayd etish joiz, Andijon koronavirusdan o‘lim holatlari kuzatilmagan O‘zbekistondagi yagona hudud bo‘lib turibdi.
Ma’lumot uchun, 2020-yil 20-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra viloyatda infeksiyadan sog‘ayganlar soni 441 nafarni tashkil etgan.
Avvalroq Andijonda 26 nafar bemor koronavirusdan tuzalgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovda koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti borligi ma’lum qilingandi.