DXX Toshkentda 11 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorini qo‘lga oldi

Foto: momentistini

DXX va IIV xodimlari tomonidan 2020-yilning 30-iyun kuni Toshkent shahri hududida yashirin faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining bir guruh tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu guruhni tashkil etgan shaxsning o‘zi dastavval 2020-yilning yanvar oyida diniy ekstremistik oqimlar va terrorchilik  tashkilotlarining g‘oyaviy rahnamolari hisoblanuvchi, hozirda Suriya va Turkiya davlatlarida yashab kelayotgan (asli qirg‘izistonlik) laqabi “Abu Saloh” bo‘lgan Sirojiddin Muxtorov, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan “Abdulloh Zufar” laqabli Zofir G‘afforov va “Sodiq Samarqandiy” laqabli Sodiq Muhammadiyevning da’vatlarini tinglab, ularning ta’siriga tushib qolgan.

Noqonuniy yig‘ilishlar davomida guruh a’zolari internet tarmog‘i orqali yuklab olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni tinglab, muhokama qilishgan. Shuningdek, ularning bir nechtasi “hijrat” va “jihod” qilish uchun Suriya davlatiga borishni rejalashtirgan

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolarining yashash manzillarida taqiqlangan diniy adabiyotlar va varaqalar, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon hamda flesh-kartalar borligi aniqlangan. Ularda saqlanayotgan ma’lumotlar ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olingani aytilgan.

Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Tavhid va jihod katibasi” O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan terroristik deb topilib, mamlakat hududida uning faoliyati taqiqlangan.

Янгиликлар