Samarqandda bosqinchilik qilib, 4 mln so‘m va 2 dona telefon o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olindi

Samarqand viloyatida 64 yoshli ayolning uyiga bosqinchilik uchun kirgan va ayolni urib, mulkini talon-toroj qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Samarqand tumanida 2019-yil 12-noyabr kuni soat 01:20 da “Badal” mahallasida yashovchi 64 yoshli M.B. (ayol) xonadonida begona shaxslar yurganligini sezib qolgan. Uyining hovli qismiga chiqqan vaqtida ikki nafar nomaʼlum shaxslar boshiga niqob, qo‘llariga qo‘lqop kiygan holatda unga tashlanib, tilla taqinchoqlarining qayerdaligini so‘rab, tanasining turli joylariga bir necha marotaba urgan.

Aniqlanishicha, talonchilar ayol yiqilib qolgan vaqtda yashash xonasiga kirib, xonada bo‘lgan 4 000 000 so‘m puli hamda 2 dona “Nokia” rusumli telefon apparatini talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Foto: Tergov departamenti

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida mazkur jinoyat Samarqand shahrida yashovchi 33 yoshli B.А. va 28 yoshli Sh.А. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. Ulardan bir dona “Nokia X-2” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha B.А. va Sh.А.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (Bosqinchilik) bilan ayb eʼlon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Quvada narxi bir yarim million so‘mlik telefonni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар