Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston Prezidenti 20-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini bo‘lgan oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmaganini tanqid qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qiladi.

Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q.

Shuningdek, deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayotgani tanqid qilindi.

Muhimi, agar ushbu poliklinikalar aholining samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqarishi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinishi ta’kidlandi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta polikinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3000 dan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Avvalroq Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirilgani, brigadalar soni ko‘paytirilgani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qo‘shimcha COVID-19’ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7 ta klinika tashkil qilingani, ularda ishlaydigan shifokorlarga 20-iyuldan boshlab har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lanishi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Prezidentdan hayfsan olgan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan hamda Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qilgan.

Янгиликлар