Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, brigadalar soni ko‘paytirildi

Toshkent shahri tez tibbiy yordam stansiyasida operatorlarning mehnat sharoiti yaxshilandi. Bu haqda 20-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Foto: «Yuz.uz»

Toshkent shahri tez tibbiy yordam stansiyasida bir smenada faoliyat olib borayotgan operatorlar soni 40 tadan 100 nafarga yetkazildi. Stansiyaga qo‘shimcha elektr tarmog‘i ulandi, brigadalar soni 250 tagacha ko‘paytirildi.

Koronavirusli bemorlar uchun ajratilgan shifoxonalarga qo‘shimcha 285 dona o‘pka sun’iy ventilyatsiyasi apparati, 155 dona o‘pkani yordamchi nafas oldirish uskunasi, 140 dona kislorod konsentratori, 200 ta funksional yotoqlar bilan ta’minlandi, deya qayd etildi yig‘ilishda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati tez tibbiy yordam xizmati uchun jami 100 ta “Damas” tez yordam mashinasi ajratildi, shulardan 25 tasi joylarga tarqatildi.

Toshkent viloyatida koronavirus kasalligi bilan gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratni olib borish uchun 905 o‘rinli, diagnozi tasdiqlanganlar uchun 210 o‘rinli stasionar shifoxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va qo‘shimcha 350 zaxira o‘rin tayyorlab qo‘yildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanidek, 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, murojaatlarning asosiy qismi kelib tushadigan vaqt oralig‘ida (soat 18:00 dan soat 00:00 gacha) eng tajribali operatorlar xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman bo‘limlariga koronavirusga PZR-analizi olishga va tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi o‘rnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.

Avvalroq Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qo‘shimcha COVID-19’ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7 ta klinika tashkil qilingani, ularda ishlaydigan shifokorlarga 20-iyuldan boshlab har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lanishi xabar berilgan edi.

Shuningdek, Prezidentdan hayfsan olgan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan hamda Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qilgan.

Янгиликлар