Toshkentda “Malibu-2”ni yoqib yuborgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Toshkent shahrida “Malibu-2” mashinasini yoqib yuborgan shaxslarga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi, deb xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.

Ma‘lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S.Abdug‘aniyevning raisligida o‘zganing mulkiga qasddan zarar yetkazgan ikki nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qilgan.

Sudlangan shaxslar 2020-yil 24-fevral kuni o‘zganing mulkiga qasddan zarar yetkazish maqsadida, Mirzo Ulug‘bek tumanida turgan Arslon Toirovga tegishli “Malibu-2” rusumli avtotransport vositasini o‘zlari bilan olib kelgan benzin bilan yoqib yuborib, voqea joyidan yashiringanlar.

Sud ekspertiza markazining xulosasiga ko‘ra, “Malibu-2” rusumli avtotransport vositasida sodir bo‘lgan yong‘in o‘chog‘i uning salon qismida bo‘lganligi, ushbu yong‘in tashqi yong‘in manbaining neft mahsuloti benzin bilan ta’sirlanishi natijasida kelib chiqqan.

“BUSINESS STANDART” MChJ tomonidan sudga berilgan baholash xulosasiga ko‘ra, mazkur “MALIBU-2” rusumli avtotransport vositasiga 281 903 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Sudlanuvchilar sud majlisida jabrlanuvchi unga qo‘ng‘iroq qilib, onasini haqorat qilganligi uchun u bilan janjallashib qolishgani, ushbu haqoratga chiday olmasdan jahl ustida ushbu jinoyatni sodir qilishgani, qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qisqa muddatda to‘liq qoplab berishlarini aytib, yengillik berishni so‘rashgan.

Sud sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda tomonlarning fikrini tinglab, ish materiallarini atroflicha taftish qilib, yig‘ilgan dalillarga tegishlicha yuridik baho bergan holda sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksi 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, shu moddaga asosan ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.