Andijonda 2 ming dollar uchun aqli zaif ayolni o‘ldirgan fuqaro 17 yilga qamaldi

 

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turgan ayol bilan tanishib, yaqin munosabatda bo‘lgan hamda ayolning uy-joyni sotishdan tushgan ikki ming dollarni qaytarmaslik uchun uni o‘ldirgan fuqaro 17 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchi T.P. 2018-yilning fevral oyida Paxtaobod tumanida yashovchi aqli zaif ayol E.L. bilan tanishib, uning marhum turmush o‘rtog‘idan qolgan uy-joyini sotishdan tushgan ikki ming dollarni unga qaytarmaslik maqsadida 2018-yilning sentabr oyiga qadar fuqaro bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan.

Sentabr oyi oxirlari edi. E.L. uyimga kelib, undan olgan pullarni qaytarib bermaganim uchun IIBga yozib berganini, shu sababli IIB meni chaqirayotganini aytdi. U bilan aytilgan joyga bordik. Borgan paytimizda profilaktika inspektori kelmagan ekan. Ularni binoning qarama-qarshi tomonida 5-10 daqiqa kutdik. Shu paytda E.L.ga Andijon shahridan ijaraga uy topib berishimni aytdim va ishontirdim. Keyin u bilan Yozyovon tumani markazidagi aylanma yo‘lgacha keldik. Mashinadan tushgach, aylanma yo‘ldan Qo‘qon shahriga qarab yuruvchi asosiy yo‘l bo‘ylab, yetti-sakkiz soat piyoda gaplashib ketdik. Dam olish uchun yo‘lning o‘ng tomonida joylashgan qarovsiz qumli joyga o‘tdik. O‘tirmoqchi bo‘lganimizda, u boshidagi ro‘molini yechdi. Men undan ro‘molini so‘rab oldim va ro‘mol bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib, o‘zimga tortdim va ikki-uch daqiqa ushlab turdim. O‘lganiga ishonch hosil qilgach, jinoyatni yashirish maqsadida bir metr chuqur kovlab, jasadni yerga ko‘mib, uyimga qaytib keldim”, — deydi sudlanuvchi.

Aniqlanishicha, 2018-yilning sentabrida o‘ldirilgan ayol ikki oydan so‘ng qidiruvga berilgan. Topilmagach, u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va birga yashagan P.T.dan gumonlanib, ayolning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2020-yil yanvar oyida marhumning jasadi topilib, jinoyat fosh etilgach, P.T. qamoqqa olingan.
29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida P.T. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”, “i” bandlari (Tamagirlik niyatida o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilgan va 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Avvalroq Asakada 9 yashar qizni vahshiylarcha o‘ldirishda gumon qilinib, 23 yoshli qo‘shni ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар