O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 64 nafarga yetdi       

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida koronavirusga chalingan 56 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 56 yoshli B.V.da 5-iyuldan 10-iyulgacha tana harorati ko‘tarilib, holsizlik kuzatilgan. 11-iyul kuni esa tana harorati tushmay, holsizlik va yo‘tal kuchayganligi hamda nafas yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘lganligi sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

Bemor og‘ir ahvolda viloyat Ftiziatriya va pulmonologiya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasali ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 60 yoshli erkak vafot etib, O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 63 nafarga yetgani xabar qilingan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, 13 591 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 8 030 nafari sog‘aygan, 64 nafari vafot etgan.

Янгиликлар