O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 63 nafarga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan 60 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 60 yoshli B.E. 6-iyul kuni ertalab qon bosimi yuqori boʻlib, gapirmay qoʻyganligi sababli tez tibbiy yordam mashinasida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan.

Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va bemor oʻta ogʻir ahvolda sunʼiy nafas olish apparatiga ulangan holda Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oʻtkazilgan.

Bemorhga COVID-19 infeksiyasi ogʻir kechishi hamda insult tashxisi qoʻyilgan. Xastalik miya shishi, oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda koma asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklari bilan ham ogʻrigan.Bemor bundan avval, bir necha yillardan buyon gipertoniya, qandli diabet bilan ogʻrigan, 2019-yilda insultni oʻtkazgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar, jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin ogʻirlashib, oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 65 yoshli ayol vafot etib, O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 62 nafarga yetgani xabar berilgan edi. Endilikda ular soni 63 nafarni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 13 360 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 7 852 nafari sog‘aygan.

Янгиликлар