Namanganda firibgar ayol 800 AQSh dollari pora bilan qo‘lga tushdi

Namangan shahrida firibgar ayol “Yuksalish” mahallasi hududida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan olib berishini aytib, ikki ayoldan pora so‘ragan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Namangan shahrida yashovchi ikki nafar ayol 2020-yil 25-iyun kuni IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada 1990-yilda tug‘ilgan ayol ularning ishonchiga kirib, Namangan shahar hokimiyatida ishlovchi tanishlari orqali Namangan shahar “Yuksalish”  mahallasida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan olib berishini aytib, pora berishga dalolat qilayotganligini ma’lum qilinib, chora ko‘rish so‘ralgan.

Viloyat IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda I.Karimov ko‘chasida joylashgan “Do‘stlik” buyum bozori oldida firibgar arizachi ayollardan 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat bo‘yicha 15-iyul kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (Firibgarlik) va 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xorazmda 6000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, til biriktirgan maktab va universitet o‘qituvchisi qo‘lga tushgandi.

Avvalroq Farg‘onada hamkorlikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni aytib, tanishini 32 500 dollarga “uxlatgan” shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар