Xorazmda 6000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib til biriktirgan maktab va universitet o‘qituvchisi qo‘lga tushdi
Xorazmda 6 000 dollar bilan qoʻlga tushgan oʻqituvchidan 3 500 dollarini olgan universitet oʻqituvchisi Toshkentda ushlandi. Bu haqda “TezNews”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Hazorasp tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Hazorasp tumanidagi maktab oʻqituvchisi S.D. fuqaro S.ning qizini tanishlari orqali oliy uquv yurtiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 6 000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Ushbu holat boʻyicha S.D.ning koʻrsatmalariga asosan xodimlar tomonidan tezkor tadbir Toshkent shahrida davom ettirilganda, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻqituvchisi L.S. xorazmlik S.D.dan fuqaro S.ning qizini ushbu universitetga tanishlari orqali oʻqishga kiritib berishni vaʼda qilib, evaziga 3 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan S.D. va L.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.