Rossiyaning COVID’ga qarshi ilk mahalliy vaksinasi tayyor bo‘ldi

Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikov mamlakatning COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinasi tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikov.
Foto: “Osnova”

“Mutaxassislarimiz va Milliy tadqiqot markazining olimlari tajriba sinovlari yakuniy xulosasini ma’lum qildi. Koronavirusga qarshi immunitet olgan ko‘ngillilar kasalxonadan chiqayotganida o‘zini yaxshi his qilgan. Shu tariqa yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi dastlabki mahalliy vaksina tayyor bo‘ldi”, — deydi Salikov.

N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan vaksina iyun oyining o‘rtasida Sechenov universiteti va N.N.Burdenko nomidagi harbiy kasalxonada klinik sinovdan o‘tkazildi.

Vaksinaning klinik sinovlari bo‘yicha Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, biologiya fanlari doktori, professor, tibbiy xizmat polkovnigi Sergey Borisevich xulosa chiqardi.

“Olimlar hali katta hajmdagi tahliliy ishlarni bajarishi, yakuniy hisobotlarni yozishi, natijalarni taqdim etishi hamda vaksinani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi kerak. Lekin hozirda mavjud bo‘lgan tahlil natijalari vaksina bemorlar uchun xavfsizligini va ularda koronavirusga qarshi zaruriy antitanachalar hosil bo‘lganini ko‘rsatmoqda”, — deydi u.

20-iyul kuni sinovda ishtirok etgan ko‘ngillilarning so‘nggi guruhi Sechenov universiteti hamda Burdenko kasalxonasidan chiqdi.

Vaksina bilan emlangan ko‘ngillilarning barchasida COVID-19’ga qarshi immunitet hosil bo‘lgan. Sechenov universiteti Dori vositalarini klinik o‘rganish markazi rahbari Yelena Smolyarchukning aytishicha, immunitet vaksina bilan emlangandan bir necha kun o‘tishi bilan hosil bo‘ladi. Oradan uch hafta o‘tib immun tizimi reaksiyaga kirishgach infeksiyadan maksimal himoya darajasi yuzaga keladi.

“Lekin emlashdan so‘ng immunitet qancha vaqtgacha saqlanib qolishi hozircha noma’lum. Bunga klinik tadqiqotlarning keyingi bosqichida javob olish mumkin”, — deydi ekspert.

Rossiyaning to‘g‘ridan to‘gri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyevning ma’lum qilishicha, mahalliy vaksinaning klinik tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlansa, Rossiya 2020-yil yakuniga qadar turli mamlakatlarga preparatning 200 milliondan ortiq dozasini chiqarishi mumkin.

Fondning prognozlariga ko‘ra, 2021-yilning oxirigacha dunyoda uch milliarddan ortiq vaksina dozasi yaratiladi va u COVID-19 bilan samarali kurashishga imkon beradi.

Avvalroq AQShda koronavirus vaksinasi sinovining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgani hamda Rossiya hukumati a’zolari va yirik biznesmenlari 2020-yil aprel oyidayoq mazkur infeksiyaga qarshi vaksinaga ega bo‘lgani haqida xabarlar berilgandi.

Янгиликлар