Buxoroda koronavirus bemorlari ko‘paygan vaqt ko‘rsatkichlar nega rasmiy ma’lumotlarda yo‘qligiga izoh berildi

Buxoro viloyati hokimligi nima uchun kasallik yuqtirgan fuqarolar soni ko‘paygan bir paytda ko‘rsatkichlar rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilmayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Viloyat hokimligi ushbu holatni so‘nggi kunlarda harorat ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, surunkali pnevmoniya tashxislari bilan shifoxonalarga kelayotgan bemorlarda COVID-19 aniqlanmayotganligi bilan izohlagan.

“Ma’lumki, oxirgi kunlarda ko‘plab yurtdoshlarimiz isitma ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi va surunkali pnevmoniya tashxislari bilan shifoxonalarga murojaat qila boshlashdi. Ushbu fuqarolarning aksariyatida COVID-19 infeksiyasi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash uchun test tahlillari olinganida manfiy natija berdi. Ya’ni ushbu fuqarolarda COVID-19 infeksiyasi aniqlanmadi”, — deyiladi hokimlik axborotida.

Shuningdek, hokimlik xabariga ko‘ra, bunday holatlar kasallikning yashirin turi bo‘lishi mumkin:

“Test natijalari tasdiqlanmagunch bu fuqarolarimizni COVID-19 bilan kasallangan, deya ko‘rsata olmaymiz. Lekin ularni davolash kerak. Balki bu kasallikning yashirin turi, balki fuqarolar kasallikni o‘tkazib kelishgan. Bu to‘g‘risida mutaxassislar o‘rganish ishlari olib bormoqda“, — deyilgan hokimlik xabarida.

Avvalroq Buxoro viloyati hokimi viloyatda 10 ming bemorga yetadigan 49 turdagi dori vositalari zaxirasi shakllantirilganini aytgan edi.

Янгиликлар