Surxondaryo hokimining o‘limi to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi

“Haqiqatchi bloger” akkauntini yurituvchi shaxs Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolovning vafot etgani haqda xabar tarqatdi. Ma’lumotni esa SEOM xodimi berganini aytdi. Bu haqda Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi ta’minlandi. Tekshirish natijasida ushbu xabarni tarqatgan shaxs fuqaro D.O. ekanligi aniqlangan.

“Haqiqatchi blogerlar” akkauntini yurituvchi D.O. 1971-yilda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida shifokor-kardiolog bo‘lib ishlaydi. Sariosiyo tumanining Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada ham davolovchi shifokor sifatida faoliyat yuritadi.

Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni unga viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganligini ma’lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Ma’lum bo‘lishicha, begona ayol o‘z telefon raqamidan 24-iyul kuni soat 08:00 larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa Surxondaryo viloyati hokimi vafot etganligi haqida ham gapirgan.

Shu paytning o‘zida D.O. ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab, Facebook hamda Telegram ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 2020-yil 24-iyulda Majburiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40- (Tuhmat) va 46-moddasi (Fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma’muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O.ga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan “Redmi Note 9” rusumli uyali qo‘l telefoni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O. ga qo‘ng‘iroq qilib, yolg‘on ma’lumot taqdim etgan noma’lum ayol Termiz shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi G.R. ekanligi aniqlandi.

G.R. o‘z tushuntirishida D.O.ga mazkur yolg‘on xabarni aytganligini bildirdi.

Mazkur holat yuzasidan G.R.ga nisbatan Majburiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (Tuhmat) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, tegishli sud organiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, To‘ra Bobolovning koronavirusga chalingani haqida 18-iyul kuni xabar berilgandi. So‘ngra Toshkent shahrida davolanayotgan To‘ra Bobolovning ahvoli 24-iyul soat 09:00 holatiga ko‘ra qoniqarli ekanligi ma’lum qilindi. Shu kunning o‘zida hokim video orqali o‘zining sog‘lig‘i haqda ma’lumot bergan.

Янгиликлар