Koronavirusga chalingan Surxondaryo viloyati hokimining sog‘lig‘i bo‘yicha ma’lumot berildi

Toshkent shahrida davolanayotgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning ahvoli 24-iyul soat 09:00 holatiga ko‘ra qoniqarli ekanligi ma’lum qilindi.  Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Xabarda davolash taktikasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan standartlar asosida olib borilayotgani aytilgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi to‘liq davolanib, yaqin kunlarda ish faoliyatini davom ettirishi ham ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, To‘ra Bobolovning koronavirusga chalingani haqida 18-iyul kuni xabar berilgandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingan. Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov koronavirusdan vafot etgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga koronavirusni davolash uchun turkiyalik professorlar yetib kelishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 24-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 118 kishiga ortib, 18 986 nafarni tashkil etdi.

Янгиликлар