Video: Koronavirusga chalingan Surxondaryo hokimi o‘zining ahvoli haqida ma’lumot berdi
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning 18-iyul kuni koronavirusga chalinib, Toshkent shahrida davolanayotgani ma’lum qilingandi.
Hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan hokimning ahvoli yaxshi, sog‘lig‘i mustahkamlangani aytilgan. Turli xil mish-mishlarning oldini olish maqsadida To‘ra Bobolov 24-iyul kuni o‘zining holati haqida so‘zlab bergan.
“Oliy toifali shifokorlar, tibbiyot xodimlari yordami bilan qisqa vaqtda sog‘lig‘imni ancha tiklab oldim. Yaqin kunlarda davolanib chiqib, ishni davom ettirish uchun kuch-g‘ayratim ham yetarli”, — deya ta’kidlaydi hokim o‘z videosida.
Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqani haqda xabar berilgandi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalingan. Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov koronavirusdan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 24-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 193 taga oshib, 19 179 nafarni tashkil etgan. Respublika bo‘ylab sog‘ayganlar soni 10 203 kishiga yetgan bo‘lsa, 8872 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.