O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 19 mingdan oshdi
O‘zbekistonda 24-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 193 taga oshib, 19 179 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi kasallanish holatlarining 106 nafari Toshkent shahrida, 52 nafari Qashqadaryo viloyatida hamda 35 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Ayni paytga qadar Andijon viloyatida 45 nafar, Navoiy viloyatida 9 nafar — jami 54 nafar bemor tuzalib, koronavirusdan sog‘ayganlar soni 10 203 kishiga yetdi. Hozirda 8872 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda koronavirusga chalingan 57 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqda xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan biri, professor Verner Ber O‘zbekistonga konsultant sifatida kelgan. Ayni paytda germaniyalik professor COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida bo‘lib turibdi.