Musa Erniyazov o‘limi haqidagi feyk xabardan keyin Qoraqalpog‘istondagi saytlar xodimlari prokuraturaga olib ketildi
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Erniyazovning o‘limi to‘g‘risida 25-iyul kuni feyk xabarlar tarqaldi.
Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istondagi mahalliy saytlar xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tungi soat 01:00 lar atrofida olib ketilgani aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Makan.uz” (Lalagul Kallixanova), “KRuz.uz” (Iskander Yusupov) va “Kar24.uz” (Kumar Begniyazova) vakillarining telefon va noutbuklari olib qo‘yilgan, bu xodimlar tungi soat 3:00 atrofida uylariga qaytishgan.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.
“Yolg‘on xabarni e’lon qilgan va uni qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, o‘zining telegram kanallariga joylashtirgan sayt muharrirlari prokuraturaga chaqirilib, profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Hozirda bu bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda”,—deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingani tasdiqlangan edi. O‘shanda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Nukusga yetib borgan. Yerniyazovning ahvoli barqaror ekanligi ma’lum qilingan.
Musa Yerniyazov bilan birgalikda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingani ham ma’lum qilingan. Keyinchalik To‘ra Bobolovning ham koronavirusdan vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimi esa ushbu xabarlarni rad etib, videomuraojaat bilan chiqdi. Shundan so‘ng To‘ra Bobolovning koronavirusdan o‘lgani to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 26-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 165 kishiga oshib, 20 391 nafarni tashkil etmoqda.
Avvalroq, Toshkentda 67 yoshli bemor vafot etib, mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 114 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.