Toshkentda 67 yoshli bemor vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 114 nafarga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan bemor o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlkarga ko‘ra, Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli erkak T.Z.da 4-iyul kunidan holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, yurak tez urishi hamda ko‘krak sohasida og‘riq qo‘shilishiga qaramay uy, sharoitida davolangan. 11-iyul kuni hansirash, nafas siqishi, oyoq-qo‘l sovushi paydo bo‘lgandan so‘ng Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni ambulator davolashga ixtisoslashgan “maxsus poliklinikalar” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi hamda Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi. Shuningdek, uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi tasdiqlandi.

Янгиликлар