Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi tasdiqlandi

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi to‘g‘risida uslubiy ko‘rsatma tasdiqlandi. Bu haqda maxsus komissiyaning 26-iyul kungi axborotida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda koronavirus infeksiyasi yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir o‘tayotgan bemorlarni davolash standartlari tasdiqlanishi hamda fuqarolarga tavsiya etiladigan dori vositalarining yagona ro‘yxati shakllantirilishi belgilangan.

Shu bilan birga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida:

  • respublikadagi barcha dorixonalarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash hamda dorixonalarda dori vositalarining narxlari barqarorligini ta’minlash;
  • koronavirus infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarni kislorod bilan ta’minlangan holda shayligini tayyorlash;
  • koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni klinik belgilariga asosan test javoblarini kutmasdan tibbiy yordamni tashkil qilish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Mutasaddilarga koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni shifoxonaga joylashtirishning aniq va shaffof mezonlarini ishlab chiqish hamda bemorlarni shifoxonaga joylashtirishda ushbu mezonlarga qat’iy amal qilish ustidan aniq topshiriqlar berildi. Bunda qandli diabet, onkologik, yurak qon-tomir, autoimmunlik kassaliklari, metabolik sindromi mavjud hamda 55 va undan yuqori yoshdagi bemorlarni birinchi navbatda shifoxonaga joylashtirilishi belgilandi.

Shu maqsadda koronavirus bilan kasallanganlarni davolanish uchun joylashtirish muassasalarining zaxirasini tayyorlash hamda fuqarolarni to‘g‘ri taqsimlagan holda joylashtirish maqsadida barcha hududlarda maxsus taqsimlash markazlari faoliyati tashkil etilmoqda.

Avvalroq virusolog Dildora Sekler hozirgi paytda bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish kerakligini haqda xabar berilgandi. Shifokor “O‘zekspomarkaz”da bemorlarni qabul qilib, saralaydigan tizim ishga tushayotganini misol qilib keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi. Shuningdek, Qurbon hayiti kuni sutka davomida harakatlanish to‘liq to‘xtatilishi belgilandi.

Янгиликлар