“Kuchli karantinga emas, bemorlarga sharoit yaratishga ahamiyat berish kerak” — Aziza Xo‘jayeva

“Milliy” telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvining 24-iyul kungi sonida immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva hozirgi vaziyatda o‘ta qat’iy karantin o‘rnatish emas, bemorlarning davolanishi uchun sharoit yaratish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Aziza Xo‘jayeva
Kadr: YouTube

Mutaxassisning fikricha, hozirgi sharoitda karantin bo‘lishi kerak. Lekin nihoyatda kuchli karantin qilish kerak emas. Chunki uning asosiy ma’nosi yo‘qotilgan.

“Boshida karantin kasallikni to‘xtatish uchun qo‘llanildi. Endi esa kasallik aholi orasiga tarqab ketib bo‘ldi. Har kuni eshitib kelyapmiz, ko‘plab oilalarda bir kishi emas, barcha a’zolari koronavirusga chalinib, tuzalib ketyapti.

Hozirga kelib, kasallik tarqalishini to‘xtatib bo‘lmaydi. Yaxshisi bemorlar uchun sharoit yaratish kerak. Hozir aprel oyida bo‘lganidek kuchli karantin hech ham kerak emas, bu bizga xalal beradi. Chunki odamlar o‘zi uchun yordam ololmay qolishi mumkin. Ular kasallansa, qon topshirishi, shifokorga borishi, tekshiruvlardan o‘tishi kerak.

Agar poliklinikadan tibbiyot xodimlari maxsus formada uyma-uy yura olsa, mayli, lekin hozir bu ularga og‘ir, poliklinika xizmati buni ko‘tara olmaydi. Shuning uchun bemorlar o‘zlari uchun yengilroq yo‘lni tanlashi kerak. Aholi orasida kasallik kam bo‘lsa, karantin o‘rinli bo‘lardi. Lekin hozir bemorlarning soni ko‘payib ketdi”, — deydi Aziza Xo‘jayeva.

Dildora Sekler
Kadr: YouTube

Virusolog Dildora Seklerning ta’kidlashicha, hozirgi paytda bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish kerak.

“Hozir bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish kerak. Misol, “O‘zekspomarkaz”da hammani qabul qilib, saralaydigan tizim ishga tushyapti. Bemorni qabul qilishadi, agar unda kasallik yengil yoki o‘rta og‘irlikda bo‘lsa, kerakli ko‘rsatmalarni berib, uyga yuborishadi. Ahvoli og‘irroq bo‘lsa, shifoxonaga yo‘naltiriladi”, — deydi virusolog.

Avvalroq virusolog Ra’no Qosimova va Dildora Sekler koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqda ma’lumot bergandi. Ta’kidlanishicha, og‘ir formaning dastlabki belgisi bir necha kun davomida tana haroratining 38 darajadan yuqori bo‘lishidir. Shuningdek, Aziza Xo‘jayeva asal va kunjut aralashmasi hamda shirchoy koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligini ta’kidlagan.

Янгиликлар