“Shirchoy koronavirusni davolaydimi?” Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva javob berdi
“Milliy” telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvining 22-iyul, chorshanba kungi sonida immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva shirchoy iste’mol qilish koronavirusga davo bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shirchoyni ovqat sifatida iste’mol qilish mumkin, ammo uni COVID-19’ga davo sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.
“Ko‘rsatuvning birinchi sonida ta’kidlanganidek, kasallikka chalinmaslik uchun yaxshi ovqatlanish kerak. Oqsillar, yog‘lar o‘z me’yorida organizmga kirishi lozim. Mana shu shirchoy organizm uchun foydali ovqat hisoblanadi. Lekin u koronavirusga davo emas”, — deydi Xo‘jayeva.
Avvalroq virusolog Ra’no Qosimova va Dildora Sekler koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqda ma’lumot bergandi. Ta’kidlanishicha, og‘ir formaning dastlabki belgisi bir necha kun davomida tana haroratining 38 dan yuqori bo‘lishidir. Shuningdek, Aziza Xo‘jayeva asal va kunjut aralashmasi koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligini ta’kidlagan.