O‘zbekistonda Qurbon hayiti kuni sutka davomida harakatlanish to‘liq to‘xtatiladi

O‘zbekistonda 31-iyul — Qurbon hayiti kuni, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish to‘liq to‘xtatiladi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 26-iyul kungi axborotida ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson sog‘lig‘iga va hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmasligi belgilangan va shu munosabat bilan mutasaddilarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga yetkazishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq ko‘rsatma berilgan.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat og‘irlashganligi munosabati bilan, shuningdek, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida hamda epidemiologlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda 31-iyul, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:

  • aholiga “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.

Avvalroq Qurbon hayitining birinchi kuni 31-iyulga to‘g‘ri kelishi haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi.

Янгиликлар