Svetlana Ortiqova jurnalistlarning prokuraturaga olib ketilishi yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokurorlariga tanbeh berilganini aytdi

O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Qoraqalpog‘istondagi jurnalistlar bilan sodir bo‘lgan vaziyat bo‘yicha izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, Svetlana Ortiqova Musa Yerniyazovga oid noto‘g‘ri axborot e’lon qilinishi ortidan ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari yarim tunda prokuratura organlariga chaqirtirilganini oqlab bo‘lmasligini va ularga tanbeh berilganini aytgan.

“Kecha shu masalada Qoraqalpog‘iston prokurori bilan gaplashdim. Vaziyatni muhokama qilish jarayonida holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan xodimlarning xatti-harakatini oqlab bo‘lmasligini aytib, ularga qattiq tanbeh berdim. Qorqalpog‘istonlik ayrim hamkasblarim kechaning o‘zida mahalliy jurnalistlardan uzr so‘rashgan. Ayni paytda o‘sha xodimlarining xatti-harkaratlari o‘rganilmoqda, natijasiga qarab tegishli chora ko‘riladi. Nachora, guruch kurmaksiz bo‘lmas ekan-da“, — deydi Svetlana Ortiqova.

Shuningdek, Ortiqova bu noto‘g‘ri axborot tarqatilganlik holati “yopilib” ketadi, degan ma’noni anglatmasligini ta’kidlagan:

“Biroq bu degani, endi noto‘g‘ri axborot tarqatilganlik holati “yopilib” ketar ekan-da, degan ma’no anglatmaydi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Natijasiga qarab, qonuniylik ta’minlanadi“, — deya eslatdi Bosh prokuror o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingani tasdiqlangan edi. O‘shanda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Nukusga yetib borgan. Yerniyazovning ahvoli barqaror ekanligi ma’lum qilingan.

Keyinchalik Musa Erniyazov o‘limi haqidagi yolg‘on xabardan keyin Qoraqalpog‘istondagi saytlar xodimlari prokuraturaga olib ketilgani xabar qilindi.

Янгиликлар