Toshkentda boshlang‘ich narxi 85 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan “O‘zbekenergo” ma’muriy binosi auksionga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahridagi davlat mulki obyektlariga investitsiyalarni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq “O‘zbekenergo” AJ ma’muriy bino-inshootlarini yaxlit holda savdoga qo‘yadi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Foto: Uzdaily

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Istiqlol ko‘chasidagi 6-uyda joylashgan yaxlit bino-inshootlarning boshlang‘ich narxi 85 012 644 286,1 so‘mni tashkil etgan. Obyektning investitsiya majburiyati yirik megapolislarda qo‘llaniladigan shaharsozlikning ilg‘or namunalari, zamonaviy qurilish me’yorlari va me’moriy yechimlarini o‘zida aks etgan, kamida 200 o‘rinli zamonaviy mehmonxona, savdo majmuasi hamda ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish markazini barpo etishdan iborat.

Ta’kidlanishicha, bu yerda mavjud bino va inshootlarni buzish hisobiga belgilangan tartibda yangi binolarni qurishga ruxsat beriladi. Tanlov g‘olibi — tashqi dizayn va qurilish loyihasini Qurilish vazirligi bilan kelishishi lozim. Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar “E-ijro auksion” elektron onlayn auksion savdo maydonchasi orqali qabul qilinadi. Talabgor “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUKning maxsus hisob raqamiga obyektni sotib olish qiymatining 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida zakalat puli kiritishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, tanlovda ishtirok etish uchun topshiriladigan tegishli hujjatlar bilan birga loyihani amalga oshirish konsepsiyasi ham taqdim etilishi lozim. Talabgorlardan kelib tushgan takliflar umumlashtirilgan holda ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritiladi. Komissiyaning tanlov yakunlari bo‘yicha qarori, tanlov savdosida ishtirok etish uchun ariza topshirishning so‘ngi muddatidan boshlab bir oy ichida ommaviy axoborot vositalarida e’lon qilinadi, deyiladi xabarda.

Янгиликлар