Sirdaryoda koronavirusga chalingan 70 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 129 nafarga yetdi

Sirdaryoda 70 yoshli erkak o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashagan 70 yoshli M.T. ismli erkakda 15-iyul kunidan tana harorati ko‘tarilib turgan. 27-iyul kuni holsizlik, butun tanada og‘riq kuzatilganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq SSV moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunovning koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 29-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 276 nafarga oshib, jami kasallanganlar soni 22 169 nafarni tashkil etgan. Shulardan 12 265 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 9777 nafariga davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар