SSV moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunovning koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganini ma’lum qildi

Avvalroq Moliya vazirligi matbuot xizmati moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov 29-iyul kuni 55 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edi. Sog‘liqni saqash vazirligi Yorqin Tursunovning koronavirus asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumganini tasdiqladi.

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qilgan moliya vaziri o‘rinbosarining 20-iyul kuni tana harorati ko‘tarilgan va xususiy tibbiyot muassasasi shifokorlarining tavsiyasi asosida uy sharoitida va xususiy shifoxonada davolangan. 27-iyul kuni esa o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘pka shishi, giperglikemik koma kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, giperglikemik komadan vafot etgan.

Shuningdek, Romitan tumani Xalq qabulxonasi mudiri Akbar Salohiddinov, Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov, Oliy sud xodimi Baxtiyor Mukadirov, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov, Qonliko‘l tumani hokimi Davlat Tolibayev koronavirusdan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 29-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 276 nafarga oshib, jami kasallanganlar soni 22 169 nafarni tashkil etgan. Shulardan 12 265 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 9777 nafariga davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар