Oliy sudning 32 yoshli xodimi kasalxonaga joylashtirilgan kunining ertasigayoq vafot etdi. U koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkin
Oliy sudning 32 yoshli xodimi Baxtiyor Mukadirov 24-iyul kuni pnevmoniyadan vafot etdi. Bu ma’lumotni “Tez News”ga Oliy suddagi manbalar tasdiqladi.
Ta’kidlanishicha, uch yildan buyon Oliy mahkamada arxiv mudiri vazifasida ishlagan Baxtiyor Mukadirov mehnatkash, kamtar va kamsuqumligi bilan jamoa hurmatini qozongan.
Koronavirusga chalingani gumon qilingan Mukadirov ahvoli og‘irlashgani sabab 23-iyul kuni kasalxonaga joylashtirilgan va 24-iyul kuni tushga yaqin vafot etgan.
Avvalroq Ichki ishlar vazirligi Sergeli Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12-iyul kuni vafot etganini, uning oʻlimiga koronavirusdan kasallangani sabab boʻlganini ma’lum qilingandi.
Keyinchalik 13- va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangandi. Shuningdek, O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov koronavirusdan vafot etgan.