Romitan tumani Xalq qabulxonasi mudiri koronavirusdan vafot etdi

Buxoro viloyati Romitan tumani Xalq qabulxonasi mudiri Akbar Salohiddinov 25-iyul kuni vafot etdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. “Tez News” manbalarining ma’lum qilishicha, Akbar Salohiddinov koronavirusdan vafot etgan.

Foto: Romitan tumani hokimligi matbuot xizmati

Akbar Salohiddinov 1966-yil 21-aprelda Romitan tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutiga o‘qishga kirgan.

Mehnat faoliyatini Romitan tumani Ichki ishlar boshqarmasi JTSB xodimi sifatida boshlab, shu sohada turli vazifalarda ishlagan. Gʻijduvon tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i, Gazli shahar militsiya bo‘linmasi boshlig‘i, 2007—2010-yillarda esa Gazli shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2017-yildan beri Romitan tumani Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida ishlagan.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov, Oliy sud xodimi Baxtiyor Mukadirov, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov, Qonliko‘l tumani hokimi Davlat Tolibayev koronavirusdan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 25-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 19 653 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 472 kishi sog‘aygan, 9074 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар