Qoraqalpog‘istonda 36 yoshli tuman hokimi koronavirusdan vafot etdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Davlat Ayapbergenovich Tolibayev 24-iyul kuni vafot etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar berdi.

Foto: “O‘zA”

Qayd etilishicha, Davlat Tolibayev bir necha kun oldin koronavirusga chalinib, kasalxonaga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.

Davlat Tolibayev 1983-yil 18-oktabrda Nukus shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 2004-yilida boshlab, uzoq yillar irrigatsiya sohasida turli tashkilotlarda, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Tolibayev 2019-yildan buyon Qonliko‘l tumani hokimi vazifasini bajarib kelgan.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov, Oliy sud xodimi Baxtiyor Mukadirov, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov koronavirusdan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 24-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 193 taga oshib, 19 179 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 203 kishi sog‘aygan, 8872 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар