Toshkentda koronavirusga chalingan 48 yoshli erkak vafot etdi

Koronavirusga chalingan qashqadaryolik 48 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishishidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 48 yoshli X.M. (erkak) 13-iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga og‘ir ahvolda yotqizilgan. Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorda kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, terminal o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilik asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham kuzatilgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan.

Ma’lumot uchun O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 29-iyul holatiga ko‘ra, 130 nafarni tashkil etmoqda. Avvalroq Sirdaryoda koronavirusga chalingan 70 yoshli erkak vafot etgan edi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi SSV moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunovning koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganini ma’lum qilgandi.

Янгиликлар