Marg‘ilonda “Matiz” va “Spark” sotib olib, pulini bermasdan, o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan shaxs ushlandi

Farg‘ona viloyati Marg’ilon shahrida narxi 5 500 AQSh dollari bo‘lgan “Matiz” va narxi 7 600 AQSh dollari bo‘lgan “Spark” mashinalarni o‘z nomiga rasmiylashtirib olib, pulini bermagan shaxs ushlandi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Marg‘ilon shahrida 11-iyul kuni fuqaro O.A. IIBga murojaat qilgan. Murojaatga ko‘ra, 2019-yil dekabr oyida noma’lum shaxs uning ishonchiga kirib, narxi 5 500 AQSh dollari bo‘lgan “Matiz” va narxi 7 600 AQSh dollari bo‘lgan “Spark” mashinalarni sotib olishga kelishgan. Pullarni keyin berishini aytgan. Bergan va’dasini bajarmasdan, aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan avtomashinalarni nomiga rasmiylashtirib olgan.

Mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni E.M. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Farg‘onada firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergovdan yashiringan ayol qo‘lga olingan edi. Shuningdek, ayni shu hududda 3 ta telefon apparatini olib, pulini oxirigacha bermay kelgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqda xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida tanishining bir million so‘mlik uyali telefonini foydalanish uchun olib, uni sotib yuborgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Shuningdek, Toshkentda qidiruvda bo‘lgan shaxs xalqaro aeroportda qo‘lga olingan edi.

Янгиликлар