Jomboydagi 29 ta mahallada koronavirus aniqlangani ma’lum bo‘ldi

Samarqand viloyati Jomboy tumanining 29 ta mahallasidan koronavirusga chalingan bemorlar aniqlangan. Bu haqida tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov tuman aholisiga murojaat qilib, Jomboy tumanining 29 ta mahallasidan koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanganini ma’lum qilgan.

“Tumanda mavjud 38 ta mahalladan 29 tasida xastalikka chalinish kuzatilgan bo‘lsa, Samarqand, Ahmadjon Qurbonov, Qo‘ng‘irot, Naymantepa, Beshbola mahallalarida vaziyat nisbatan jiddiy. Ushbu hududlarda zararlanish holati eng ko‘p kuzatilayotganini e’tiborga olishimiz zarur”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, murojaatda Jomboy tumanidagi koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli haqida ma’lumot berilgan:

“Koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolarning umumiy holati barqaror kechyapti. O‘ta og‘ir va og‘ir daraja kuzatilmadi. Ammo 1 nafar bemor xastalikni o‘rta og‘ir darajada boshdan kechirayotgani, 1 nafar bemorda pnevmoniya alomatlari kuzatilayotgani, 3 nafar xastalikka chalingan shaxsda simptomlar sezilmayotgani har birimizni sergak torttirishi kerak“, — deyiladi murojaatda.

Avvalroq Samarqand viloyati hokimi viloyatda koronavirus bemorlari uchun 4 milliard so‘mlik dori-darmon zaxirasi yaratilganini ma’lum qilgan edi.

Keyinchalik koronavirus bilan bog‘liq maslahatlar uchun onlayn rentgenologlar faoliyat yuritishni boshlagani xabar qilindi.

Янгиликлар