Samarqand hokimi viloyatda koronavirus bemorlari uchun 4 mlrd so‘mlik dori-darmon zaxirasi yaratilganini ma’lum qildi

Samarqand viloyatida dori-darmon zaxirasini yaratish uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun 65 turdagi ikki oylik dori zaxirasi mavjud. Bu haqda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokidagi onlayn brifingda ma’lum qilindi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Brifingda ma’lum qilinishicha, viloyat zaxirasiga qo‘shimcha ulgurji dori sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan 1-avgustga qadar yana 30 milliard so‘mlik dori vositalari olib kelinadi. Bu borada viloyatdagi 52 ta ulgurji dori-darmon bilan shug‘ullanadigan firmalar bilan virusga qarshi asosiy 12 turdagi dorilarni olib kelish bo‘yicha kelishib olingan.

Erkinjon Turdimovning aytishicha, hozirgi kunda viloyatda koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarni davolash uchun quvvati 1800 o‘rin bo‘lgan 11 ta shifoxona tashkil qilingan. Shuningdek, 10 500 ta zaxira joy tayyorlangan. Ularning 5560 tasi Samarqand shahrida joylashgan.

“Tuman va shahar tibbiyot birlashmalaridagi 495 o‘rinli yuqumli kasalliklar bo‘limlari ham shay holga keltirib qo‘yilgan. Shifoxonalarning barchasida kislorod ta’minoti tizimi mavjud. Samarqand shahrida Olimpiya zaxiralari tayyorlash majmuasida 1080 o‘rinli shifoxona hozirlanmoqda. Bu joy uch-to‘rt kunda tayyor holatga keltiriladi. Bulardan tashqari Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Narpay, Paxtachi tumanlaridagi bemorlarni davolash uchun Kattaqo‘rg‘on shahrida shifoxonalar tashkillashtirishga e’tiborni qaratyapmiz. Yaqin kunlarda ushbu hududlarga alohida tahlil uchun PZR laboratoriyasi o‘rnatiladi. Hozir tayyorlash ishlari ketyapti”, — dedi viloyat hokimi.

Hokimning qo‘shimcha qilishicha, Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismda 400 o‘rinli, “Marvarid” sanatoriysida 200 o‘rinli, shaharning sobiq tug‘ruqxonasida 200 o‘rinli — jami 800 o‘rinli shifoxona tayyorlanmoqda. Markazlashgan tartibda aholining talabini qondirish maqsadida COVID-19’ga analiz topshirish uchun yana qo‘shimcha 96 talikdan 4 ta PZR laboratoriya olib kelish bo‘yicha buyurtma berilgan. Markazlashgan tartibda yaqin kunlarda 4 ta laboratoriya stansiyasi qo‘shimcha ravishda o‘z faoliyatini boshlaydi.

“Bugungi kunda kasallarga sharoit yaratish maqsadida o‘tgan hafta 500 dona kislorod ballonlari olib kelindi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi qoshida bitta kislorod stansiyasini qurish ishlari boshlandi. Yangi tashkil etiladigan shifoxona va laboratoriya Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlari aholisi uchun xizmat qiladi”, — dedi Erkinjon Turdimov.

Brifingda ma’lum bo‘lishicha, Pastdarg‘om tumanida 1000 o‘rinli karantin hududi ishga tushirilgan va charter reys bilan Vladivostok va Sankt-Peterburg shaharlaridan 450 nafar fuqaro olib kelinib, karantin markaziga joylashtirilgan. Hozirda yana 500 nafar fuqaro Rossiyadan olib kelinishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Samarqand shahrida 11 ta, tumanlarda 16 ta vrach-infeksionist, epidemiolog va umumiy amaliyot shifokorlaridan tashkil topgan 27 ta mobil brigada faoliyat yuritmoqda. Har bir mobil brigada maxsus avtotransport va himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Avvalroq Samarqand hokimi Erkinjon Turdimov viloyat ahliga murojaat qilib, koronavirusga chalingan bemorlarning uyiga vrach bormasligini aytgan edi. Shuningdek, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 500 ta kislorod balloni xarid qilgani va Samarqanddagi omborlarda qariyb 3 million dollarlik dori va tibbiy buyumlar zaxirasi mavjudligi haqda xabar berilgan edi.

 

Янгиликлар