Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi 500 ta kislorod balloni xarid qildi
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi kislorod ballonlarini xarid qildi, deb xabar berdi viloyat hokimligi huzuridagi koronavirus profilaktikasi shtabi matbuot xizmati.
Koronavirusga chalingan bemorlar uchun Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi 500 ta kislorod ballonini xarid qilgan. 2020-yil 25-iyul holatiga ko‘ra, viloyatda 843 kishi infeksiyaga chalingan bo‘lib, ulardan 16 nafar bemor 25-iyulda tuzalgan. Viloyatda jami sog‘ayganlar soni esa 705 kishini tashkil etgan.
Avvalroq Samarqandda 32 nafar kishi koronavirusga chalingani va viloyatdagi omborlarda qariyb 3 million dollarlik dori va tibbiy buyumlar zaxirasi mavjudligi haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlarning uyiga vrach bormasligi haqida viloyat hokimi Erkin Turdimov Samarqand ahliga murojaat qilgani, Samarqand shahar hokimi OTM yotoqxonalarida koronavirus bemorlari uchun tashkil etilgan sharoitlar bilan tanishgani hamda “Registon” mehmonxonada koronavirusga gumon qilinganlarni saqlash va taqsimlash markazi tashkil etilgani ma’lum qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyatiga olib kelingan kislorod konsentratorlarining narxi nega boshqalaridan qimmat ekanligiga izoh berilgan edi.