Samarqanddagi omborlarda qariyb 3 mln dollarlik dori va tibbiy buyumlar zaxirasi mavjudligi ma’lum qilindi

Samarqandda bojxona va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan omborlarda qariyb 3 million dollarlik dori-darmon hamda tibbiy buyumlar zaxirasi mavjud. Bu haqida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda viloyat hududida joylashgan bojxona omborlari va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan omborlarda 15 partiyada og‘irligi 91,47 tonna, qiymati 2 million 414 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan dori vositalari hamda 14 partiyada og‘irligi 18,21 tonna, qiymati 388 ming AQSh dollari bo‘lgan tibbiy buyumlar zaxirasi mavjud.

“Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarga amaldagi qonunchilik me’yorlariga muvofiq umumiy qiymati 60,58 milliard so‘m miqdorida bo‘lgan bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan, mavjud barcha dori-darmon vositalari onlayn tarzda soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq Buxoroda 10 ming bemorga yetadigan 49 turdagi dori vositalari zaxirasi shakllantirilgani aytilgan edi.

Shuningdek, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham qo‘lida koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti borligini aytgan edi.

Янгиликлар