O‘zbekistonda bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari belgilandi

Hukumat qarori bilan bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, reglament bolalar o‘yinchoqlarini xavfsiz ishlab chiqarish va sotish talablarini belgilaydi. Unga muvofiq:

– bolalar o‘yinchog‘ining tarkibi portlash xususiyatiga ega bo‘lgan moddalar va materiallardan iborat bo‘lmasligi kerak;

– elektr o‘yinchoqlarda, shuningdek, ularning tarkibiy qismining birortasida ham nominal kuchlanish 24 V dan oshmasligi kerak;

– oziq-ovqat mahsulotlarida va (yoki) oziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdoga chiqarilgan bolalar o‘yinchoqlari o‘zlarining alohida qadoqlariga ega bo‘lishi talab etiladi;

– o‘yinchoqlarga ikkilamchi xomashyolar, ya’ni boshqa maqsadlarda ishlatilgan va qayta ishlash natijasida olingan xomashyolarni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, foydalanuvchiga kuyish xavfini keltirib chiqaruvchi tarkibida qizdirish elementi mavjud bo‘lgan o‘yinchoqlarni ishlab chiqarish taqiqlanadi. Shuningdek, uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallanmagan o‘yinchoqlarga yosh guruhi ko‘rsatilgan, taqiqlovchi shartli grafik belgi qo‘yilgan bo‘lishi shart, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, reglament talablari bolalar o‘yinchog‘i deb qaralmaydigan mahsulotlarga, shuningdek, shaxsiy buyurtmalar va ko‘rgazma nusxalari sifatida tayyorlangan o‘yinchoqlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi reglament hukumatning 2020-yil 23-iyundagi 451-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan. Tartib-qoidalar rasman e’lon qilingan kunday boshlab 12 oy o‘tgandan keyin amalga kiritiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirish parametrlari tasdiqlangani, kema haydovchilarini tayyorlash tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар