Iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirish parametrlari tasdiqlandi

O‘zbekiston Prezidentining “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq:

– 2020-yil 1-avgustdan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish bo‘yicha tarif sotish, tarqatish va yetkazib berish xarajatlarini chegirib tashlagan holda II tarif guruhi iste’molchilari darajasida belgilanadi;

– sanoat ko‘lamidagi (1 MVt yoki undan ortiq) qayta tiklanuvchi energiya manbalari (gidroelektrstansiyalardan tashqari) sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial investorlarni aniqlash shaffof auksion (tanlov) savdolari orqali amalga oshiriladi;

– 2020-yil 15-iyuldan 31-dekabrgacha 750 kVAgacha bo‘lgan quvvatda ulangan hamda qo‘shimcha uchinchi smenani tashkil etgan mahsulot ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchilar (Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha) uchun tungi davr – sutkaning qorong‘i davrida (yagona elektr energetika tizimining soat 22:00 dan 00:00 gacha va soat 00:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan minimal yuklamalar soatlarida) foydalanilgan elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitoblarda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamaytirish koeffisiyenti qo‘llaniladi;

– yuridik shaxslar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov kiritish to‘g‘risidagi majburiy talabni 30 foizgacha kamaytirish imkoniyati davlat korxonalari va ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tatbiq etilmaydi.

Ushbu qaror bilan 3,3 milliard kVt soat elektr energiyasi, 2,6 milliard metr kub tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi 2020–2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari tasqidlandi.

Янгиликлар