Rossiya shakar eksportini keskin oshirdi. O‘zbekiston import qiluvchilar orasida yetakchi

Rossiya 2019-2020-yilgi mavsumda shakar eksporti bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Ma’lum qilinishicha, 2019-yilning oktabr oyidan 2020-yil sentabr oxirigacha davom etadigan davrda Rossiya chet elga deyarli 1,8 million tonna shakar yetkazib beradi.

Ushbu mavsumda Rossiyadan shakar eksporti Kuba (1 million tonna) va Yevropa Ittifoqining (1,1 million tonna) eksport ko‘rsatkichidan ortib ketdi. Shakar eksport qiluvchi davlatlar orasida Braziliya 24 million tonna ko‘rsatkich bilan yetakchi hisoblanadi.

Rossiya eksportining to‘rt martadan ko‘proq oshirilishi ishlab chiqaruvchilar tomonidan tasdiqlandi. “Soyuzrossaxar” ma’lumotlariga ko‘ra, agar oldingi mavsumda Rossiya korxonalari chet elga 277 ming tonna mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, ushbu mavsumda iyul oyidagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra deyarli 1,3 million tonna shakar eksport qilingan.

Rossiya qishloq xo‘jaligi banki Sanoat ekspertizasi markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning birinchi yarim yilligida shakar va qandolat mahsulotlari eksporti 79 milliondan 305 million dollargacha oshdi.

Unga ko‘ra, 2020-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga shakar eksporti 214 ming tonnani tashkil etdi. Avvalgi hisobot davrida bu ko‘rsatkich “nol”ga teng edi.

Shuningdek, Ozarbayjonga 109 ming tonna (bir yil avval 2 ming tonna), Tojikistonga 73 ming tonna va Turkmanistonga 44 ming tonna (bir yil oldin eksport qilinmagan) shakar eksport qilingan.

Avvalroq O‘zbekistonda Angren va Xorazmdagi ikki yirik shakar ishlab chiqaruvchi kompaniya yopilgan edi. O‘shanda Rossiya shakari O‘zbekistonga kirib kelganligi sababli zavodlar yopilgani aytilgan. Keyinchalik Angren va Xorazmdagi shakar zavodlari faoliyati nega to‘xtatilganiga izoh berildi.

Янгиликлар