Maktablarda “Tarbiya” fani joriy etiladi
Hukumat qarorga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani joriy etiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2020-yil iyul oyidan boshlab yangi o‘quv yili boshlangunga qadar umumta’lim maktablaridagi “Boshlang‘ich ta’lim”, “Milliy g‘oya va huquq”, “Tarix” va “Dinshunoslik” mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari uchun xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida “Tarbiya” fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, ushbu fandan darsliklar va o‘quv majmualarini xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari respublika byudjeti hamda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Ma’lumot uchun, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ‘Tarbiya’ fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori 2020-yil 6-iyulda qabul qilingan.