Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklarni poyezdda olib kelish boshlandi

O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya—Qozog‘iston davlat chegarasidan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Rossiya bilan kelishuvga binoan 16-iyul kuni O‘zbekistonning uchta yo‘lovchi poyezdi Toshkent tomon yo‘lga chiqdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1404 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan ikkita poyezd Kinel, yana bir poyezd esa 702 yo‘lovchi bilan Buzuluq stansiyalaridan harakatlanishni boshlagan. Chiptalar faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun sotilgan.

Buzuluq—Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi 1 200 000 so‘m (8500 rubl), Kinel—Toshkent 1 450 000 so‘m (10 100 rubl) etib belgilangan.

Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya’ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilar platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi. Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

“Mazkur poyezdlarda kelayotgan yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olaman deb sarson bo‘lmasin! Chunki ushbu reyslarning barcha yo‘lovchilari poyezddan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi o‘zbekistonliklardan chegaradan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilayotganlarga ishonmaslikni so‘ragani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 13-iyul kuni Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan minglab mehnat muhojirlarini vatanga qaytarish borasida ish olib borayotganini  ma’lum qilgan.

Янгиликлар