O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni ambulator davolashga ixtisoslashgan “maxsus poliklinikalar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni ambulator davolashga ixtisoslashgan “maxsus poliklinikalar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborotida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, fuqarolarga qulaylik yaratish, shuningdek, ularga malakali tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida “maxsus poliklinikalar” va maxsus taqsimlash markazlarining tun-u kun faoliyat ko‘rsatishi belgilangan.

Bundan tashqari Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyatini jadallashtirish, shuningdek, ta’minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali, ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan, ota-onalaridan biri yoki ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan.

Koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga qonun hujjatlarida to‘lanishi nazarda tutilgan qo‘shimcha to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lab berilishini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi va uning vazifalari belgilab berilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi hamda Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi. Shuningdek, uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi tasdiqlandi.

Янгиликлар