Rossiyada to‘rtinchi qavatdan tushib ketgan 2 yoshli bolani o‘zbekistonliklar qutqarib qoldi. Ona mast holda uxlab qolgan

Rossiyaning Podolsk shahrida o‘zbekistonliklar to‘rtinchi qavat balkonidan tushib ketgan bolani qutqarib qoldi. Bu haqda «Moskovskiy komsomolets» xabar berdi.

Foto: “Moskovskiy komsomolets”

Shahardagi ko‘p qavatli uylarning birida xo‘jalik ishida band bo‘lgan o‘zbekistonliklar to‘rtinchi qavatda 20 daqiqa osilib turgan bolani pastda choyshab bilan ushlab qoldi. Polisiya xodimlari yetib kelganidan keyin bolaning onasi mast holda uxlab qolgani ma’lum bo‘lgan. Bolani Bekmurod Turdialiyev va Sherbek Soliyev bilan bir uyda yashovchi boshqa kishilar hamda 16 yoshli bola qutqarib qolgan.

«Yigitlar maysa o‘rayotgandi, keyin menga telefon qilib, yuqori qavatda bolakay osilib turgani, oyi, oyi deb baqirayotganini aytishdi. Uchinchi qavatda yashovchi ayol choyshab olib keldi. Biz uni yoyib, 20 daqiqa davomida osilib turgan bolani qutqarishga tayyorlanib turdik. Bolakayning qo‘llari charchagach, u quladi va choyshab ustiga tushdi. Biz besh kishi bo‘lib uni ushlab qoldik, 16 yoshli o‘smir ham bizga yordam berdi. Bolakay rosa baqirdi, oyisini chaqirdi, ammo ayol uning oldiga chiqqani yo‘q. Uni ushlab qolganimizda bola yerga tegmadi va jarohat olmadi», – deydi Bekmurod Turdialiyev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning onasi 21 yoshli Natalyaning yana bir o‘g‘li bor, u bir yoshda. Ayolning bolalariga, asosan, ularning 81 yoshli buvisi qaragan. Ammo buvisi kasalxonaga tushgach, bolalar deyarli qarovsiz qolib ketgan.

Avvalroq Toshkent viloyatida 6 metrli quduq ichida qolib ketgan ikki nafar fuqaro, Farg‘onada esa kanalda cho‘kayotgan qiz ichki ishlar xodimlari tomonidan qutqarib qolingani haqida xabarlar berilgandi.

Янгиликлар