Toshkent viloyatida 6 metrli quduq ichida qolib ketgan ikki nafar fuqaro qutqarib qolindi

Toshkent viloyati Toshkent tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari 23-iyul kuni xonadoni oldidagi quduqqa tushib, hushini yo‘qotgan fuqarolar hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, “Bunyodkor” mahallasi Yangi Zarbuloq ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. xonadonining oldidagi oqava suv uchun mo‘ljallangan chuqurligi 6 metrdan ortiq bo‘lgan quduqqa tushgan. Quduq tubida kislorod yetarli bo‘lmaganligi sabab uning sog‘lig‘i yomonlashib qolgan. Unga yordam berish uchun quduqqa tushgan fuqaro B.U.ning ham sog‘lig‘i yomonlashgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Quduq ichidan kelayotgan ovozni eshitgan fuqaro A.A.ning o‘g‘li qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan. Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan qutqaruvchilar quduq ichida hushini yo‘qotayozgan ikki nafar fuqaroni yuqoriga olib chiqib, ularga zarur yordamlarni ko‘rsatgan.

Avvalroq Farg‘onada ichki ishlar xodimlari kanalda cho‘kayotgan qizni qutqarib qolgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, qutqarib olingan fuqaro K.G. oilasidagi muammolar, stressli vaziyatlar tufayli ruhiy holati yomonlashib, o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyati Karmana tumani “Kattamachit” mahallasidagi Navoiy IES to‘g‘onidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining irmog‘idan 15-iyul kuni 40—45 yoshli noma’lum erkak murdasi topilgan edi. Fuqaroni o‘ldirib, jasadini daryoga oqizib yuborgan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Янгиликлар