Navoiydagi daryodan 45 yoshli erkakning murdasi topildi
Navoiy viloyati Karmana tumani “Kattamachit” mahallasida joylashgan Zarafshon daryosidan 15-iyul kuni soat 10:30 da taxminan yoshi 40-45 lardagi noma’lum erkak murdasi topildi. Bu haqida Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida marhum 45 yoshli Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi T.Y. ekanligi aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 12-iyul kuni soat taxminan 20:00 da Karmana tumanida yashovchi shaxs qaynukasi hamda qizi bilan birgalikda oldindan jinoiy til biriktirib, T.Y. bilan o‘rtalarida o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjal chiqargan.
Shundan so‘ng ular T.Y.ni yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Jinoyat ishtirokchilaridan biri T.Y.ning bo‘yin qismini oyog‘i bilan bosib, hushsiz holatga keltirgan. Soat 01:00 larda uning o‘lgani ma’lum bo‘lgach, jasadni eshak aravaga ortib, Zarafshon daryosiga oqizib yuborgan.
Viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv xodimlarining tezkor harakatlari natijasida gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.
Avvalroq Navoiyda voyaga yetmagan bola 5 yoshli qizni o‘ldirib, uning onasini esa pichoqlagani, Andijonda erkak oilaviy kelishmovchilik sabab xotini va qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.