Navoiyda 9-sinf o‘quvchisi 5 yoshli qizni pichoqlab o‘ldirdi
Navoiy viloyati Navbahor tumanida 9-iyul kuni 16 yoshli B.Q. 5 yoshli qizni o‘ldirdi. Bu haqida Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zarafshon shahridagi 6-kichik dahada istiqomat qiluvchi 2004-yilda tug‘ilgan B.Q. 8-iyul kuni ota-onasi bilan Navbahor tumani “Yangihayot” mahallasida istiqomat qiluvchi bobosining uyiga mehmondorchilikka borgan. Fuqaro B.Q. 35 yoshli amakisi E.T.ning o‘gay qizi, Nurota tumanida tug‘ilgan 5 yoshli M.A.ni oshxona pichog‘i bilan bo‘yin sohasiga urib, qasddan o‘ldirgan.
Voqeaga tasodifan guvoh bo‘lgan M.A.ning onasi M.D.ga ham qo‘lidagi pichoq bilan bir necha marotaba tan-jarohati yetkazib, voqea joyidan yashiringan. Ayni payda jabrlanuvchi M.D. tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Navoiy viloyat Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlarining olib borgan tezkor sa’y-harakatlari natijasida gumonlanuvchi shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olindi.
Avvalroq Andijonda erkak oilaviy kelishmovchilik sabab xotini va qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.