Navoiyda fuqaroni o‘ldirib, jasadini daryoga oqizib yuborgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Navoiy viloyati Karmana tumani “Kattamachit” mahallasidagi Navoiy IES to‘g‘onidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining irmog‘idan 15-iyul kuni soat 10:30 da taxminan 40—45 yoshli noma’lum erkak murdasi topilgan edi.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura “TezNews”ga xabar berishicha, dastlabki tergov davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra 24 yoshli ayol J.M. Karmana tumani “Ko‘hna-qo‘rg‘on” mahallasida onasi F.J. va 20 yoshli qarindoshi U.D. bilan birga yashab kelgan. 11—12-iyul kunlari shu uyda vaqtincha yashab kelayotgan 45 yoshli T.Y. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida J.M. va U.D. fuqaro T.Y.ning bosh sohasiga va tanasining turli qismlariga qo‘l va oyoqlari hamda temir va yog‘och bo‘laklari bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Fuqaro T.Y. ularning aytgan ishlarini bajarmasdan, 12-iyul kuni soat 12:30 larda, F.J. va J.M.ni haqorat qilishni davom ettiradi. Fuqaro U.D. va J.M. esa T.Y.ni qasddan o‘ldirishga qaror qiladi. Oqibatda U.D T.Y.ning chap qo‘lidan, J.M. esa o‘ng qo‘lidan ushlagan holatda J.M. oyog‘i bilan T.Y.ning bo‘yin sohasini bosib, uni bo‘g‘ib o‘ldiradi.

Shundan so‘ng U.D va J.M. qilingan jinoyatni yashirish maqsadida T.Y.ning jasadini xaltaga o‘rab, eshak aravaga ortadi. “Ko‘hna-qo‘rg‘on” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Zarafshon” daryosiga oqizib yuboradi.

Fuqaro T.Y.ning jasadi 15-iyul kuni bosh peshona sohasida o‘ng tomonida ikkita lat yaralar va o‘ng tomondan 3-4-qovurg‘alar, chap tomondan 6, 7, 8, 9-qovurg‘alar o‘rta o‘mrov sohasidan sinishi va boshqa tan jarohatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan 15-iyul kuni viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro J.M. va U.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “p” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb etilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Navoiyda voyaga yetmagan bola 5 yoshli qizni o‘ldirib, uning onasini esa pichoqlagani, Andijonda erkak oilaviy kelishmovchilik sabab xotini va qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар